Вернуться назад Распечатать

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Sirdaryo viloyati yoshlari bilan uchrashdi

 

Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Guliston davlat universitetida

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattarov Guliston davlat universitetiga tashrif buyurdi. Dastlab, Markaziy Kengash raisi universitetda yoshlar yetakchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, xususan, Ma'naviyat va ma'rifat markazi binosidagi yetakchi va koordinatorlar xonasi bilan tanishdi. 

X.Sattarov volontyor talabalar bilan muloqot qilib, ularning rejalari bilan qiziqdi. Shuningdek, "Drug dealer instaserialini ko'rib..." burchagi Markaziy Kengash raisida katta taassurot qoldirdi va bu ishlarni bardavom tashkil etish tavsiya etildi.

Markaziy Kengash raisi universitet rektori bilan muloqot qilib, yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkiloti uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun M.Xodjiyevga minnatdorlik bildirdi.


O'zbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universiteti Boshlang'ich tashkiloti Hisobot-saylov yig'ilishi o'tkazildi

Yig'ilishda O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattarov, Guliston davlat universiteti rektori Muxsin Xodjiyev, Sirdaryo viloyati hokimi maslahatchisi G'aybulla Yusupov, viloyat Kengashi raisi Azizbek Raxmonov, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig'i Mirqodir Sa'dullayev, viloyat hokimiyati kotibiyat mudiri Umid Abdullayev, universitet prorektorlari, dekanlar, yoshlar va ota-onalar ishtirok etishdi.

Yig'ilishda amaldagi Yoshlar yetakchisi Yorqinjon Hayitboyev o'tgan davrdagi faoliyati yuzasidan hisobot berdi va yig'ilish a'zolari tomonidan faoliyat namunali deb topildi. Shuningdek, amaldagi Yoshlar yetakchisi Y.Hayitboyev Hisobot-saylov yig'ilishi ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan yangi muddatga Yoshlar yetakchisi — universitet rektorining yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi sifatida saylandi.

  

"Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o'tkazildi

Guliston davlat universitetida O'zbekiston yoshlar ittifoqi universitet Boshlang'ich tashkiloti Hisobot-saylov yig'ilishi yakunida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Xayrulla Sattorovga universitet talabalari taklif va tashabbuslari bilan murojaat qilishdi.  

Xalqaro loyihalarda koordinatorlarning ishtirok etishi, eng namunali Boshlang'ich tashkilotlarning to'liq tarkibga xorijga ta'limiy sayohatga yuborilishi, "Qalqon" jamoatchilik guruhlari o'rtasida harbiylashtirilgan sport musobaqalarining o'tkazilishi, universitetda respublika miqyosidagi "Biznes marafon" tashkil etilishi kabi tashabbuslarga Markaziy Kengash raisi o'zining yechim va takliflarini bildirdi. 

Uchrashuvda yoshlarning faolligidan mamnun bo'lgan Markaziy Kengash raisi X.Sattorov universitetga O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan 500 ta badiiy, ilmiy ommabop kitoblar sovg'a qilinishini bildirdi.



 


"Sharaf yorliqlari" taqdim etildi

O'zbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universiteti Boshlang'ich tashkiloti Hisobot-saylov yig'ilishi yakunida tashkilotning faol yoshlari, xususan, koordinatorlarning ota-onalariga GulDU tajribasi sifatida joriy etilgan "Sharaf yorliqlari" Markaziy Kengash raisining imzosi bilan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu loyihaning respublika miqyosida ommalashganidan dalolatdir. 

Yig'ilishning eng kulminatsion nuqtasi ham aynan shu qism bo'ldi. Bunda ko'plar ko'ziga yosh oldi, havas qildi va eng asosiysi, ota-onalar o'z farzandlaridan faxrlanishdi. Biz barcha talabalarimizga mana shunday lahzalar nasib qilishini tilab qolamiz.