Вернуться назад Распечатать

Adliya taqdimnomasi bilan qonunbuzilishining oldi olindi

Mirzaobod tuman adliya boʻlimi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida ish haqi va boshqa toʻlovlarning xodimlarga o‘z vaqtida toʻlanishi yuzasidan monitoring oʻtkazildi.

Monitoring davomida Mirzaobod tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo’limida ishlab, 2023-yilning dekabr oyida homiladorlik taʼtilga chiqqan 21 nafar xodimlarga (16 nafari umumta’lim maktablari va 5 nafari maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari) jami 162.690.000 soʻm miqdoridagi homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa pullari toʻlab berilmaganligi aniqlandi.

Vaholangki, Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining (08.05.2002-yilda roʻyxatdan oʻtgan, roʻyxat raqami 1136) buyrygʻi bilan tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bandiga asosan nafaqa, mehnat qobiliyati tiklangan, nogironlik belgilangan, homiladorlik va tugʻish taʻtili tugagan, vafot etgan yoki bola tugʻilgan kundan boshlab 6 oy muddat ichida murojaat qilinganda toʻlanadi. Bunda, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi uni olish uchun murojaat qilingan kungacha boʻlgan 12 oydan oshmagan davr uchun beriladi.

Shuningdek, ushbu Nizomning 7-bandida nafaqa oyiga bir marta — oyning ikkinchi yarmi uchun beriladigan ish haqi bilan birga toʻlanadi, deb koʻrsatib oʻtilgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksining 404-moddasida ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tugʻilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tugʻish taʼtillari berilib, davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqa toʻlanishi, homiladorlik va tugʻish taʼtili jamlangan holda hisoblab chiqilib, tugʻishga qadar amalda bunday taʼtilning necha kunidan foydalanilganidan qatʼi nazar ayolga toʻliq berilishi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagilarga asosan Mirzaobod tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi bo‘limiga taqdimnoma kiritildi hamda 21 nafar xodimga 162.690.000 soʻm miqdoridagi homiladorlik va tugʻish boʻyicha nafaqa pullari undirib berildi. 


Hokimbek Erkaboyev,

Mirzaobod tuman adliya bo'limi boshlig'i