
Inson hayoti davomida har bir qadamida, jamiyatning u yoki bu sohasidagi harakati bilan davlat organlariga murojaat etishiga to‘g‘ri keladi. Bunday paytlarda tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomadan tortib, pasport, nikoh guvohnomasi yoki ayrim hollarda yaqin qarindoshining o‘lim haqidagi guvohnomasigacha bo‘lgan hujjatlarga zarurat tug‘iladi. Demak, hujjatlar ma’lum bir ijtimoiy va huquqiy munosabatlar uchun xizmat qiladi. Shu bois har bir hujjatni o‘z vaqtida rasmiylashtirilishiga e’tiborli bo‘lish darkor. Aks holda birgina hujjatning mavjud emasligi ovorayu-sarsongarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ayni kunlarda Adliya tizimida start olgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” aksiyasi shu kabi huquqiy muammosi bo‘lgan fuqarolarning mushkulini oson qilmoqda. Joriy yilning 20-yanvaridan 20-martgacha bo‘lib o‘tadigan ushbu aksiya davomida tug‘ilish, o‘limni qayd etish va ID-karta berish yuzasidan murojaatlar qabul qilinadi, ro‘yxatdan o‘tkazilmagan tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan ko‘chmas mulklarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashish va boshqa masalalar yuzasidan aholiga huquqiy yordam berish maqsad qilingan.

Asatullo Ernazarov Sayxunobod tumani “Gulbuloq” mahallasida istiqomat qiladi. E’tiborsizligi sabab tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini yo‘qotib qo‘yibdi. Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xatlov jarayonida ayni shu muammoni aytib murojaat qilgan edi fuqaro.
Bugun Asatullo Ernazarovning mushkuli oson bo‘ldi, Sayxunobod tuman FHDY bo‘limi tomonidan eksterritorial xizmat ko‘rsatilib, takroriy guvohnoma rasmiylashtirib berildi.
-60 yoshimda qayta tug‘ildim, - deydi A.Ernazarov.

Tumanning “Turon” mahallasida yashovchi Mohira Boymurodova ham bir necha yillar avval tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini yo‘qotib qo‘ygan. Shu vaqtga qadar ushbu hujjatga ehtiyoj sezmagan edi, biroq hayotiy zarurat tufayli endi guvohnoma kerak bo‘lyapti. Mohira opaning FHDY bo‘limiga qilgan murojaati ijobiy hal bo‘ldi. Tegishli hujjatlar o‘rganilib, shu kunning o‘zida, atigi 8-10 daqiqa vaqt oralig‘ida 1980 yil 15 aprelda tug‘ilgan fuqaro Boymurodova Mohira Usmonovnaga takroriy guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Ma’lumot o‘rnida, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi boshlanganidan shu kunga qadar Sirdaryo viloyati bo‘yicha 148 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi.
Ularning 21 nafariga tug‘ilganlik guvohnomasi, 17 nafariga yaqin qarindoshlarining o‘limi qayd etilgan guvohnoma, 32 nafariga takroriy hujjatlar berildi.
Shuningdek, adliya bo‘limlariga sud idoralariga ariza kiritish uchun 11 nafar uy sharoitida tug‘ilgan bolalarga nisbatan to‘plangan hujjatlar taqdim etildi, 32 nafar tadbirkorlik sub’yektlari ruyxatdan o‘tkazildi., 15 nafar fuqarolarni ko‘chmas mulk ob’yektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. 431 ta holatda aholi va tadbirkorlarga barcha turdagi sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati